Kitobga mehr qo‘ygan, yillar davomida shaxsiy kutubxonasini tashkil etishga bel bog‘lagan insonlar ham 5 ming nusxadan iborat kitob fondiga ega bo‘lishi juda mushkul ish. Axborot texnologiyalari bu jarayonda ham qulayliklar, yengilliklar taqdim etmoqda. Misol uchun, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan cho‘ntakka sig‘adigan JETBOOK elektron kitoblarida 5000 nusxa kitobni saqlash imkoni bor.
“ECTACO.UZ” MChJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan mazkur elektron kitoblardan nafaqat shaxsiy kutubxona tashkil etishda, balki ta’lim jarayonini samarali yo‘lga qo‘yishda ham foydalanish mumkin ekan. Kecha O‘zbekiston aloqa tarixi muzeyi binosida o‘tkazilgan taqdimot marosimida shu haqda so‘z bordi.

Taqdimotda O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Bosh direktorining o‘rinbosari Asadjon Xo‘jayev, “ECTACO.UZ” kompaniyasi bosh direktori Daniil Gapirov, kompaniya texnik direktori Vladimir Yejkov, kompaniyaning Markaziy Osiyodagi vakili Semyon Graber, ta’lim jarayonida tajriba sifatida JETBOOK elektron kitoblaridan foydalanib kelinayotgan Farg‘ona shahridagi 40-maktab vakili Yegor Semizarovlar ishtirok etishdi.

Hozirgi kunda mamlakatimizda yangi innovatsion texnologiyalarning joriy etilishi taraqqiyotimizning muhim omili sifatida e’tirof etilmoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish borasida ulkan ishlar olib borilyapti. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanishning iqtisodiy, huquqiy va tashkiliy asoslarini belgilab beruvchi tegishli qonunchilik bazasi yaratilgan.

Axborot texnologiyalari bozori hajmi bir me’yorda taraqqiy etmoqda. Hukumatimiz tomonidan texnologik jarayonlar darajasi va mahalliy mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish, ishlanmalarni rag‘batlantirish hamda ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlanmalarni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratilganligi sababli ushbu yo‘nalishlarga ixtisoslashgan kompaniyalar soni yildan-yilga oshib bormoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining o‘tgan yil iyulidagi “Respublikada qog‘ozni tejash va undan oqilona foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda respublikada qog‘ozni iqtisod qilish vazifalari, hayotimizning har bir sohasiga axborot texnologiyalarini tatbiq qilish lozimligini taqozo etadi.

Yuqorida qayd etilgan vazifa va imkoniyatlardan kelib chiqib, O‘zbekistonda ilk bor Farg‘onada “ECTACO.UZ” kompaniyasi tomonidan 2010 yilning avgust oyidan boshlab JETBOOK elektron kitoblari va PARTNER elektron tarjimonlari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi.

2-41.jpgKompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, JETBOOK elektron kitoblarining afzalliklari shundaki, ulardan o‘rta ta’lim maktablari, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’lim muassasalari o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘quv jarayonida bemalol foydalana oladilar. JETBOOK elektron kitoblariga birinchi sinfdan to‘qqizinchi sinfgacha bo‘lgan darsliklar va o‘quv qo‘llanmalarini jamlash imkoniyati bor. Bu kelgusida o‘quv qo‘llanmalariga ketadigan qog‘ozlarni tejashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, JETBOOK elektron kitoblaridan turli sohalarda ham foydalanish mumkin. Masalan, soliq, bojxona, tadbirkorlik yo‘nalishlarida u juda qulay qurilma hisoblanadi. Chunki, JETBOOK elektron kitoblarida O‘zbekiston qonunchilik hujjatlari, turli kodekslar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari jamlangan. Elektron kitoblarga nafaqat darsliklar joylashtirish, balki badiiy adabiyotlar, turli maqolalarni kiritib, o‘qish mumkin. Agar birorta asarni chet tilida mutolaa qilayotgan bo‘lsangiz, tushunmay qolgan so‘zlarni belgilab, “tarjima” funksiyasi orqali uning ma’nosini bilib olasiz.

Taqdimotda yangi yirik loyihalar ustida ish olib borilayotgani ham ta’kidlab o‘tildi. Jumladan, qator viloyatlar bilim maskanlarida ta’lim jarayoniga JETBOOK elektron kitoblarini joriy etish pilot loyihasi tayyorlanmoqda.

“ECTACO.UZ” kompaniyasi bosh direktorining so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda yiliga 160 000 dona mahsulot ishlab chiqarilyapti. JETBOOK-larning uch turi mavjud. Yana bir mahsulot: PARTNER – elektron tarjimonlari hozirgi kunda O‘zbekistonda ommalashib bormoqda. Bu moslama yordamida qisqa vaqt ichida chet tillarini o‘rganish mumkin. Buning uchun alohida repetitor yollash shart emas. PARTNERdan xorij safarlarida, chet mamlakatlardan kelgan fuqarolar bilan muloqot qilishda foydalanish mumkin. Elektron tarjimon xotirasida dunyoning 40ta tilidagi lug‘at mavjud. U ovozni yozib olib, tarjima qilib berish funksiyasiga ega.

“ECTACO.UZ” MChJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan qurilmalar hozirda Toshkent, Farg‘ona va Samarqand shaharlarida sotuvga qo‘yilgan.

Lutfillo TURSUNOV

Manba: Xabar.uz