O’zbekiston Fanlar akademiyasining Polimerlar kimyosi va fizikasi institutida polimerlar kimyosi, fizikasi va texnologiyasining dolzarb masalalariga bag’ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya boshlandi. Unda ilmiy-tadqiqot hamda oliy ta’lim muassasalari olimlari, yosh tadqiqotchilar va mutaxassislar ishtirok etmoqda.

O’zbekiston Fanlar akademiyasining Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti direktori S.Rashidova ilm-fan taraqqiyotini rivojlantirish, innovatsion faoliyatni qo’llab-quvvatlash, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo’nalishini tashkil etishini alohida ta’kidladi.

Bu borada yaratilgan keng ko’lamli imkoniyatlar tufayli fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar izchil rivojlanmoqda, yaratilayotgan yangi texnologiyalarni amalga tatbiq etish orqali salmoqli natijalarga erishilmoqda.

Olimlarimizning izlanishlari natijasida mahalliy xomashyo va ishlab chiqarish chiqindilari asosida kompozitsion materiallar yaratish, polimer tizimlarda nanozarrachalar va nanostrukturalar shakllanishining ilmiy asoslarini yaratish borasida salmoqli natijalarga erishilib, erishilayotgan yutuqlardan ishlab chiqarishda samarali foydalanilmoqda.

Farg’ona furan birikmalari kimyosi zavodida qo’llanilayotgan yangi texnologiya bunga misoldir. Korxonada karboksimetil sellyuloza olishning yangi texnologiyasi joriy etilib, yiliga bir ming ikki yuz tonnaga yaqin mahsulot ishlab chiqarilmoqda.

«Sho’rtangazkimyo» majmuasi mutaxassislari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ilmiy loyihalar ham kelajakda mahalliy xomashyodan import o’rnini bosuvchi mahsulot olish, iqtisodiyot tarmoqlarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

– Ishlab chiqarish va ilm-fan faoliyatini muvofiqlashtirish va ilmiy laboratoriyalarda yaratilayotgan ixtirolarni amalga tatbiq etish mahsulot ishlab chiqarishning yuksalishida muhim omil bo’layotir, – deydi «Sho’rtangazkimyo» majmuasi texnika guruhi rahbari Ruslan Ma’diyev. – Buni bizning korxonamiz faoliyati misolida ham ko’rish mumkin. Hozirgi kunda polimerlar kimyosi va fizikasi sohasida tadqiqot olib borayotgan olimlar bilan mutaxassislarimiz qator istiqbolli ilmiy loyihalar yuzasidan izlanish olib bormoqdalar. Kichik molekulali polimerlar olish borasidagi tadqiqotlar bunga misoldir. Chiqindidan ikkilamchi mahsulot olishga asoslangan ushbu texnologiya lak-bo’yoq va qurilish sanoatida ishlatiladigan vositalarni o’zimizda mahalliy xomashyodan ishlab chiqarish va valyutani tejash imkoniyatini yaratadi.

Anjumanda ilm-fani va ishlab chiqarish hamkorligini yanada kengaytirish borasidagi dolzarb vazifalar, nanotexnologiyalar va zamonaviy polimer materiallar yaratish istiqbollari, polimerlar sintezi, tuzilishi, xossalarini o’rganishga oid ilmiy loyihalar samaralariga bag’ishlangan ma’ruzalar tinglanadi va muhokama etiladi.

O’zA, Bahor Xidirova